Real Patient

Tibbiyot yangiliklari

Xalqaro hamkorlik – yangi imkoniyatlar

2023-05-17

Xalqaro hamkorlik – yangi imkoniyatlar

     

“Innovative Developers” MChJ vakillari Yevropada faoliyat yuritadigan Masofaviy ta'lim bo‘yicha Yevropa assosiasiyasiga (EADL - European Association for Distance Learning) tashrif buyurishdi hamda assosiasiya tomonidan tashkil etilgan muhokama yig‘ilishida qatnashishdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tashkilot tomonidan yaratilgan “Virtual bemor” simulyasion dasturiy mahsulotini keng jamoatchilikka tanishtirish, masofaviy ta'lim uchun mos keladigan ushbu platforma haqida ma'lumot berish hamda masofaviy ta'lim bo‘yicha fikr almashishdan iborat.

     Ma'lum bir muddatlarda tashkil etiladigan ushbu yig‘ilishda Yevropaning barcha mamlakatlaridan hamda O‘zbekistondan ham tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirok etdi. Muhokama davomida COVID-19 pandemiyasidan keyin masofaviy ta'limning ahamiyati, unga bo‘lgan talabning oshganligi, masofadan ta'lim olishning qulay hamda tejamkorligi to‘g‘risida muhokamalar bo‘lib o‘tdi, fikr almashildi. Shu bilan birgalikda, yurtimizdan tashrif buyurgan “Innovative Developers” tashkilotining mutaxassislari ham muhokama va muzokaralarda faol ishtirok etishdi. Hamyurtlarimiz o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda yaratilgan ilk “Virtual bemor” platformasi tanishtirildi va namoyish qilindi. Tibbiy ta'limni rivojlantirish uchun yaratilgan ushbu platforma o‘zining mukammalligi va platformada aktyor insonlar bemor rollarini ijro etganligi qatnashuvchilar tomonidan ijobiy baholandi va yig‘ilish ishtirokchilarida ushbu platforma qizg‘in kutib olindi. Shu bilan birgalikda kelgusida platformani takomillashtirish bo‘yicha fikrlar bildirildi, yo‘nalishlar aniqlab olindi. Muhokama so‘nggida masofaviy ta'lim bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, doimiy ravishda rivojlantirib borishga hamda Masofaviy ta'lim bo‘yicha Yevropa assosiasiyasiga a'zo bo‘lishga kelishib olindi.