Real Patient

Tibbiyot yangiliklari

Tibbiy ta'limda innovatsion yangilik

2023-05-25

Tibbiy ta'limda innovatsion yangilik

Sogʼliqni saqlash yoʼnalishida taʼlim tizimini rivojlantirish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda, mamlakatimizda tibbiyot taʼlimini rivojlantirish, ushbu sohaga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari boʼyicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish boʼyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, koronavirus pandemiyasi butun dunyoda taʼlim olish tarzini oʼzgartirib yubordi. Millionlab oʼquvchilar, talabalar oʼqishga bormay, masofadan turib oʼqishni davom ettirdilar.

Shu paytlarda Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat va sinovli kunlarda yurtimizning barcha taʼlim muassasalarida juda qisqa fursat ichida onlayn darslarni yoʼlga qoʼyishni talab etdi. Dastlab, mazkur oʼzgarishlar shubhasiz, muayyan noqulayliklarni keltirib chiqardi, ammo pandemiya sababli kuzatilayotgan oʼzgarishlar va taʼlimdagi yangi yechimlar, hozirgi davr uchun zarur boʼlgan innovatsiyalarni taʼlim sohasiga kiritilishiga sabab boʼldi. Bu esa masofaviy taʼlim turi rivojlanishiga olib keldi. Masofaviy taʼlim turi anʼanaviy taʼlim turidan ancha farq qilib, taʼlim oluvchi va oʼqituvchi bir-biridan ajralgan holda oʼzaro maxsus yaratilgan oʼquv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va Internetning boshqa texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda boʼladilar.

Mazkur vaziyatdan kelib chiqib, tibbiyot taʼlimida zamonaviy innovatsion texnologiyalarini joriy etish, masofaviy taʼlimni rivojlantirish, amaliyot darslarini koʼpaytirish orqali talabalarning ilmiy faoliyatga boʼlgan motivatsiyasini rivojlantirish hamda ularni samaradorligini oshirish maqsadida “Innovative Developers” MChJ tomonidan yangicha tibbiy taʼlim yoʼnalishidagi Real Patient - Virtual bemor platformasi ishlab chiqildi va realpatient.uz domeniga joylashtirildi.

Mazkur platforma talabalarga bemorning real virtual ssenariylari orqali klinik mulohaza yuritish va qaror qabul qilish koʼnikmalarini rivojlantirishni oʼrgatadi va olgan bilimlarini amaliyotda osongina qoʼllashga zamin yaratadi. Real Patient - Virtual bemor platformasi quyidagi xususiyatlarga ega:

virtual holatda masofaviy klinik taʼlimni yaxshilaydi;

talabaning oʼziga boʼlgan ishonchini oshiradi;

klinik qarorlarni qabul qilishda javobgarlikni his etishni oʼrgatadi;

diagnostika maʼlumotlarini birlashtirish va qaror qabul qilish samaradorligini oshiradi;

davolash usulining maqsadga muvofiqligini baholashni oʼrgatadi.

Shu bilan birgalikda aytib oʼtish lozimki, yurtimizda tashkil etilganiga koʼp boʼlmagan tibbiyot oliygohi Toshkent davlat stomatologiya instituti bugungi kunda oʼzining tibbiy xizmat koʼrsatish, stomatologik yordamni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni oshirish, kadr tayyorlash masalalari, tibbiy taʼlimni rivojlantirish, taʼlim sohasiga innovatsiya va yangi texnologiyalarni joriy qilish boʼyicha yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylangan desak mubolagʼa boʼlmaydi. Institutda taʼlim sifatini oshirish hamda talabalarning yangi texnologiyalarini oʼzlashtirgan holda bilim sifatini oshirish, shuningdek, institut pedagog jamoasining saviyasini yanada yuksaltirish maqsadida doimiy ravishda yangi texnologiyalar joriy etib kelinmoqda. Bunday texnologiyalarga institut rahbariyati tomonidan katta eʼtibor boʼlayotganligi hamda oliygoh jamoasining saʼy-harakatlari tufayli tibbiyot oliygohi har jabhada yetakchilik qilmoqda. Institutda doimiy ravishda oʼtkazilib kelinadigan metodik yigʼilishda muammolar hal qilinadi, amalga oshiriladigan ishlar kelishib olinadi hamda yangi texnologiyalar boʼyicha muhokamalar eshitiladi.