Grippdan soʼng organizmning tiklanishi uchun kamida 7-10 kun kerak
Muhayyo Аsilova,
Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori :
— Grippga xos belgilar barchamizga yaxshi maʼlum. Biroq isitma meʼyorlashib, yoʼtal va burun oqishi toʼxtagach, koʼpchilik kasallikdan toʼliq tuzaldim, deb oʼylaydi. Bu — yanglish xulosa.
Vaholanki, xastalikning oʼtkir bosqichidan soʼng jismoniy va ruhiy toliqqan, suvsizlangan hamda koʼp quvvat yoʼqotgan organizmning tiklanish davri boshlanadi. Bu vaqtda tanada holsizlik, charchoq va zaiflik kuzatiladi.
Oʼrganishlarga koʼra, grippning yengil shaklida organizm taxminan yetti-oʼn kun ichida tiklanadi. Kasallikning oʼrta ogʼir bosqichida bu muddat oʼn-oʼn toʼrt, baʼzan 21 kungacha choʼziladi. Grippning ogʼir shaklini toʼliq yengib, quvvatga kirish uchun esa uch oy vaqt kerak.
Bu hammada har xil kechadi. Tiklanish muddati bemorning kasallik boshlanishidan avvalgi immuniteti holatiga bogʼliq. Chunki virus surunkali xastaliklarni qoʼzgʼatib yuborishi mumkin.
Qolaversa, gripp asoratlari nafaqat otit va sinusit, balki virusli pnevmoniya, meningit, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma va surunkali bronxitni ham keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud.
Bu viruslarga qarshi kurashdan soʼng immunitet zaiflashib, ichki aʼzolar faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, xastalik chogʼida infektsiyalar tufayli asab tizimi zararlanadi. Oqibatda bemor toʼliq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga taʼsiri uzoq davom etadi.
Shu bois, bemor holsizlik, jizzakilik, bosh ogʼrigʼi, uyqu buzilishi, xotira susayishi va ish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadi.
Oʼz navbatida, muolaja jarayonida foydalanilgan dori-darmonlarning jigar, buyrak va ovqat hazm qilish tizimiga ayrim nojoʼya taʼsirlari sezilishi mumkin.
Shu bois grippdan tuzalgan bemorlardan quyidagilar talab etiladi:
jismoniy faollik va stressdan saqlanish;
immunitetni mustahkamlash;
toʼgʼri ovqatlanish;
vitamin terapiyasi;
ichak mikroflorasini tiklashga qaratilgan dori-darmon muolajaci;
massaj va fizioterapiya mashqlari.