Real Patient

Tibbiyot yangiliklari

Ohangaronda telemeditsina xizmati yoʼlga qoʼyildi

2023-02-05

Ohangaronda telemeditsina xizmati yoʼlga qoʼyildi

Prezidentimizning 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʼyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʼgʼrisida”gi farmoniga muvofiq har bir viloyatdagi bittadan tumanlar “Innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar roʼyxati”ga kiritildi.
Toshkent viloyatidan Ohangaron tumanining ushbu roʼyxatga kiritilgani hudud ahli uchun ham quvonchli voqea boʼldi. Xususan, tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, Samarqand viloyatining Urgut va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida telemeditsina xizmatini tashkil etish belgilangan edi.

Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan startap tanlovida gʼolib boʼlgan “Innovative Developers” MChJ tomonidan telemeditsina xizmatini tashkil etish, dunyodagi zarur uskunalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan muzokaralar olib borilib, kerakli asbob-uskunalar xarid qilinib, ishga tushirilmoqda. Shunday telemedittsina xizmati Ohangaron tumanida ham yoʼlga qoʼyilib, “Telemed Clinic” klinikasining ochilish marosimi oʼtkazildi.

Mazkur tadbirda tuman hokimi Аbdurasul Аbdullaev hududda olib borilayotgan keng koʼlamli islohotlar, xususan, tibbiyotni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar birinchi galga aholi salomatligini tiklashga yordam berishini taʼkidladi. Shundan soʼng mehmonlar klinikada yaratilgan sharoitlar va zamonaviy texnologiyalar bilan tanishdi. Bu yerda klinika rahbari Baxtinur Xudanov Аvstriya, АQSh, Xitoy va boshqa rivojlangan mamlakatlardan keltirilgan asbob-uskunalar yordamida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʼrsatilishi, ayniqsa, bu borada “Temir daftar”, “Аyollar daftari”da roʼyxatda turuvchi fuqarolarga bir qator imtiyozlar boʼlishi haqida aytib oʼtdi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, telemeditsinaning afzalliklari shundaki, bunda, birinchidan, olis hududdagi bemorlarga malakali va sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish yoʼlga qoʼyilsa, ikkinchidan, masofadan turib tashxis qoʼyish, masofadan turib davolash ishlarini amalga oshirish mumkin. Buning natijasida, bemorlarni real vaqtda tekshirish va davolash imkoniyatlari oshadi. 

Bundan tashqari, shifokorlar bemorlarni tashxislash rejasi, davolash taktikasi, profilaktika yoʼnalishlari boʼyicha maslahatlashuvi olib boriladi. Yaʼni, telemeditsina orqali shifokorlar oʼzaro muloqot qilib, bemorlarni qanday usullar bilan davolash boʼyicha maslahatlar olib borish imkoni yaratiladi.